Institut yangiliklari

✅ JАVOB: buni bilish uchun erinmasdan ushbu postni oxirigacha oʼqishingiz kerak. Faqat sarlavhani oʼqib, darrov izohlarda “menga muncha ball yetmadi, qancha toʼlayman?” deb komment yozish shart emas.

Juda koʼpchilik super-kontrakt narxi qancha boʼlishi haqida savol bermoqda.

Super-kontrakt narxi qancha boʼlishini istalgan inson oʼzi mustaqil hisoblab olishi mumkin, buning uchun yetarli barcha maʼlumotlar eʼlon qilingan. Faqat ozgina hafsala kerak xolos.

Shunday boʼlsa-da, super-kontrakt miqdorini qanday hisoblash yoʼlini yana bir bor tushuntirishga harakat qilaman.

❗️Eng avvalo bir narsani yodda tuting, super-kontraktning eng aniq miqdorini faqat va faqat oʼzingiz hujjat topshirgan oliy taʼlim muassasasi orqali bilishingiz mumkin. Chunki koʼplab OTMlar moliyaviy mustaqillikka erishgan va ular erkin narx belgilay oladi, davlat esa shunchaki minimum miqdorini tasdiqlaydi xolos. Internetda «menga qancha boʼladi, unga qancha boʼladi» degandan koʼra, OTM bilan bogʼlanib, anigʼini bilib olishni maslahat beraman.

Endi minimum miqdorlar haqida.

❗️1-eslatma: super-kontrakt degan tizim kunduzgi, sirtqi, kechki taʼlimda ham bor;

‼️2-eslatma: imtiyoz olgan, lekin kira olmagan abiturientlar uchun umumiy kirish baliga qarab super-kontrakt narxi belgilanadi, imtiyozlilarning oʼtish baliga qarab emas.

Super-kontrakt narxi kunduzgi taʼlim shaklida stipendiyasiz toʼlov-kontrakt miqdoridan hisoblanadi (sirtqi va kechkida shundoq ham stipendiya yoʼq). Demak, quyida ilova qilingan jadvalda koʼrsatilgan kontrakt summasini super-kontrakt barobariga koʼpaytirishingiz kerak.

Shuningdek, 3 ta toifadan qaysi biriga taalluqli ekanligingizni ham aniqlab olishingiz kerak.

1️⃣ 1-toifa: kirish chizigʼiga 4,05 ballgacha yetmay qolgan abiturientlar

Bunda quyidagi shkala amal qiladi:

➖ 1,05 ballgacha yetmagan abiturientlar uchun – bazaviy toʼlov-kontrakt miqdorining 1,5 barobari;

➖ 1,06 balldan 2,05 ballgacha — 2,0 barobari;

➖ 2,06 balldan 3,05 ballgacha — 2,5 barobari;

➖ 3,06 balldan 4,05 ballgacha — 3,0 barobari.

Masalan, matematika yoʼnalishida 1,5 ball yetmay qoldi deylik. Bunday vaziyatda oʼsha abiturient 2 barobar toʼlaydi. Jadvalga qarasak, matematika yoʼnalishida kontrakt narxi 6.412.610 soʼm. Demak, matematika yoʼnalishiga 1,5 ball yetmay qolgan abiturient 12 mln 825 ming soʼm super-kontrakt toʼlaydi (2 x 6.412.610).

2️⃣ 2-toifa: kirish chizigʼiga 4,05 balldan ortiq yetmay qolgan va oʼzi 56,7 dan koʼp ball toʼplaganlar

Bunday abiturientlar super-kontrakt uchun yoʼnalishiga qarab pastdagi jadvalda koʼrsatilgan oddiy kontraktning minimum 8, 10, 12, 15, 17 yoki 25 barobarini toʼlaydi.

Qaysi yoʼnalishga necha barobar toʼlanishi mana bu faylda keltirilgan:
👉https://t.me/xushnudbek/11522

Masalan, iqtisod yoʼnalishiga kirish bali 150 ball boʼldi deylik. Аbiturient 70 ball toʼpladi. Demak, unga 4 balldan ortiq yetmay qolgan, oʼzi ham 56,7 balldan koʼproq toʼplagan. Iqtisod yoʼnalishiga minimum super-kontrakt 10 barobar etib belgilangan. Stipendiyasiz oddiy kontrakt narxi esa 9.129.930 soʼm.

👆Xulosa: iqtisod yoʼnalishi uchun super-kontrakt miqdori minimum 91 mln 299 ming soʼm (10 x 9.129.930).

❕BU MUHIM: oʼtish baliga 4,05 balldan koʼproq yetmay qolgan va 56,7 balldan koʼp toʼplaganlarning hammasiga bir xil narx boʼladi. Yaʼni 5 ball yetmagan ham, 50 ball yetmagan ham bir xil toʼlaydi. Oʼshanchun menga 10 ball yetmadi, menga 30 ball yetmadi, qancha boʼladi, deb soʼrashdan foyda yoʼq.

3️⃣ 3-toifa: 56,7 balldan kam toʼplaganlar

Bunday abiturientlar ham super-kontraktda oʼqishi mumkin, faqat kamida 2-toifadagilar toʼlaydigan summaning 2 barobarini toʼlashadi. Masalan, abiturient iqtisod yoʼnalishiga topshirib, 40 ball toʼplagan, yaʼni 56,7 balldan kam. Demak, u kamida 182 mln 598 ming soʼm toʼlashi kerak (2 x 91.299.300).

Xullas, Siz toʼplagan balingiz asosida kamida taxminan qancha super-kontrakt toʼlashingizni bemalol oʼzingiz hisoblab koʼrishingiz mumkin.

ℹ️ Soʼzim soʼnggida yana qaytaraman, aniq summani faqat OTM orqali bila olasiz. Super-kontrakt toʼlashning qolgan texnik va tashkiliy tomonlarini ham OTMlardan aniqlashtiring.