Аndijon qishloq xoʼjaligi va agrotexnologiyalar instituti Oʼzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʼjalik tarmoqlari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydigan yirik oliy taʼlim muassasalaridan biridir. Bugungi kunda Respublikamizda amalga oshirilayotgan agrar islohotlarni izchil va sobitqadamlik bilan oʼtkazishda institut jamoasining va bu yerda tayyorlanayotgan koʼplab mutaxassislarning salmoqli hissalari bor.
Taʼlim muassasasi 1964-yil iyun oyida sobiq Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutining Аndijon filiali bazasida Аndijon paxtachilik instituti nomi bilan tashkil etilgan. Oʼtgan davr davomida Respublikamiz qishloq xoʼjaligi korxona va tashkilotlari uchun 23000 dan yuqori malakali olim-agronomlar, injener–mexaniklar va injener-gidromelioratorlar tayyorlagan.
Yosh mutaxassisdan bilimdan tashqari yerga, dehqonchilik kasbiga, qishloq xoʼjalik texnikasiga mehr qoʼyish, zamonaviy fan-texnika yutuqlaridan xabardorlik talab qilinadi. Shuni hisobga olib institut professor-oʼqituvchilari va yordamchi xodimlari oʼqitishni amaliyot bilan bogʼlab olib borish, ilm va texnikaga ishtiyoqi zoʼr boʼlgan yoshlarni har tomonlama kamol toptirishga, qishloq xoʼjalik ishlab chiqarishi va qayta ishlashning boʼlgʼusi yetakchilari qilib tayyorlashga harakat qilmoqdalar.
Ushbu dargoh qishloq xoʼjaligi sohasida yuqori malakali raqobatbardosh kadrlarni tayyorlaydigan, agrar sohada energiya va resurstejamkor texnologiyalarni keng qoʼllaydigan va joriy etadigan yetakchi va istiqbolli oliy taʼlim maskanidir.