Institut yangiliklari

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Ushbu qonun joriy yilning 30-aprel kuni o‘tkaziladigan umumxalq Referendumida ovozga qo‘yiladi. Ana shu muhim siyosiy tadbir arafasida Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti talabalari orasida ham referendum o‘tkazish tartibi, bosh qomusimizning yangi tahrirdagi moddalarining mazmun-mohiyatini tushuntirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Gumanitar fanlar kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan tashkil etilgan navbatdagi muloqot ham ayni shu maqsadlarni qamrab oldi. Referendum aslida qanday jarayon ekani, unda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ishtiroki qay tartibda bo‘lishi haqida Andijon viloyati ma’muriy sudi sudyalari tomonidan yoshlarga tushunchalar berildi. Mavzu yuzasidan yoshlarning fikrlari ham o‘rganildi.