Institut yangiliklari

Аbiturientlar va ularning ota-onalari diqqatiga!

Soʼnggi kunlarda fuqarolarni aldab, texnikumga oʼqishga kiritib qoʼyishni vaʼda qilib, moddiy manfaat orttirishga harakat qilayotgan firibgarlar uchramoqda.

Xususan, shu kunlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʼtkazilgan tezkor tadbirlarda Buxoro tibbiyot va Samarqand temir yoʼl texnikumlariga oʼqishga kiritib qoʼyishni vaʼda qilib, fuqarolardan pul olayotgan shaxslar qoʼlga olindi.

Shu oʼrinda, Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi mazkur holatlar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.

2021/2022 oʼquv yilida kollej va texnikumlarga qoʼshimcha kvotalar ajratish rejalashtirilmagan.

(Maʼlumot uchun, joriy oʼquv yili qabulida kollej va texnikumlarga kirish test sinovlarida ishtirok etib, oʼqishga kirolmagan abiturientlarning murojaatlariga koʼra, istisno tariqasida, ularni vakant oʼrinlarga oʼqishga qabul qilish jarayoni tugagan).

Bugungi kunda kollej va texnikumlarga abiturientlarni oʼqishga qabul qilish toʼliq toʼxtatilgan. Qoʼshimcha qabul ham rejalashtirilayotgani yoʼq.

Shu sababli barcha ota-onalar va abiturientlardan bu kabi aldovlarga uchmasliklarini soʼrab qolamiz!

☝️Unutmang, qonunlarimizda pora bergan ham pora olgan bilan teng jazoga tortiladi.