Institut yangiliklari

Avvalo, fuqarolarda davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatiga taʼsir etish imkoniyati vujudga keladi.
Аholini roʼyxatga olish, avvalo, davlat yoki hukumat emas, balki jamiyatning oʼzi uchun zarur boʼlib, u vaqti-vaqti bilan oʼz-oʼzini koʼzguda koʼrish orqali rivojlanish natijalarini baholash imkoniyatidir. Roʼyxatga olishda qatnashayotgan har bir fuqaro oʼzi haqidagi maʼlumotlarni taqdim eta turib, oʼzlari mansub boʼlgan kishilar guruhiga tegishli ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi.
Misol uchun, ishsizlarning soʼrovnomadagi javoblari mehnat bozorini oʼrganish va aynan kerakli joyda yangi ish oʼrinlari yaratish imkonini bersa, bolalar soni toʼgʼrisidagi maʼlumotlar maktab, maktabgacha taʼlim muassasalari va shu kabi muassasalar qurilishi rejalarini tuzishda qoʼl keladi. Yosh haqidagi maʼlumotlar pensiyaga chiqadiganlar soni, ularning pensiya toʼlovlari uchun zarur boʼladigan mablagʼlarni jamgʼarib borish imkonini beradi. Har yili maktabgacha taʼlim, umumtaʼlim maktablari yoki oliy taʼlimga qabul qilinadigan yoshlar toʼgʼrisidagi maʼlumotlar ham xuddi shunday shakllanadi. Yashash joyi toʼgʼrisidagi maʼlumotlar esa har birimizning uyimizgacha keladigan yoʼllar qurilishi, kommunikatsiyalar bilan taʼminlashni rejalashtirish uchun zarur.
Mazkur ishlarni sifatli tashkil etish maqsadida joylarda maxsus guruhlar tashkil etilgan boʼlib, jarayonlar aniq va tizimli yoʼlga qoʼyiladi.