Institut yangiliklari

Jahon tajribasida mamlakat aholisining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, kasbi, bandligi, daromad manbai va boshqa jihatlar boʼyicha batafsil maʼlumot toʼplashning eng samarali usuli aholini roʼyxatga olishni tashkil etish hisoblanadi. Shu bois, 2023 yilda mamlakatimizda ilk bor oʼtkaziladigan aholini roʼyxatga olish tadbirlariga hozirdan jiddiy tayyorgarlik koʼrilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti oʼzining 2015 yildagi rezolyutsiyasiga asosan aʼzo davlatlarga har oʼn yilda kamida bir marta aholini roʼyxatga olish amaliyotini oʼtkazishni tavsiya etadi. Xoʼsh, bu bizga nima beradi? Birinchi navbatda, respublika aholisi va uning turmush sharoiti toʼgʼrisidagi ishonchli maʼlumotlar aynan aholini roʼyxatga olish orqali shakllantiriladi. Masalan, Fargʼonada necha kishi ishsiz? Аndijonda nechta oila uy-joyga muhtoj? Sirdaryoda yana nechta taʼlim muassasasi qurish lozim? Qashqadaryoda aholi xonadonlari asosan qaysi yillarda qurilgan? Toshkent shahrida aslida qancha kishi istiqomat qiladi va hokazo. Аholini roʼyxatga olish amaliyoti shu kabi koʼplab savollarga javob, muammolarga yechim topish imkonini yaratadi.
— Koʼpchilik insonlar aholini roʼyxatga olish amaliyotini statistik maʼlumotlar toʼplash tadbirlarining bir koʼrinishi, deb tushunadi. Аmmo bu shunchaki statistika emas, balki mamlakat aholisining maʼlum bir vaqtdagi fotosuratini koʼrish imkoniyatini beradigan yirik miqyosdagi tadbir hisoblanadi, — dedi Davlat statistika qoʼmitasi Roʼyxatga olish jarayonlarini tashkil etish va oʼtkazish boshqarma boshligʼi Qobil Berdiqulov. — Mazkur davlat darajasidagi keng koʼlamli, koʼp vaqt va mablagʼ talab etadigan tadbirni oʼtkazish uchun xalqaro talablarga muvofiq 2-3 yil davomida tayyorgarlik ishlarini olib borish talab etiladi.