Institut yangiliklari

Oʼzbekiston Respublikasi qishloq xoʼjaligi vazirligi, Qishloq xoʼjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, Oʼzbekistondagi Kopia markazi, Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti, Аndijon qishloq xoʼjaligi va agrotexnologiyalar instituti bilan hamkorlikda «Sholini koʼchat ekish mashinasida ekib yetishtirish» mavzusida dala seminari oʼtkazildi. Soʼnggi yillarda qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini yetishtirish, eksport hajmini oshirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Dala seminarida zamonaviy va qator qulayliklarga ega boʼlgan yangi mexanizatsiyaning ishlash jarayonlari koʼrsatib berildi. Kopianing Oʼzbekistondagi markazi direktori OH SUNG JONG, Janubiy Koreya davlati hamda Oʼzbekistonning sholichilik yoʼnalishidagi olimlari jarayonda muloqotlar olib borishdi. Dastlab mamlakatimiz iqlim sharoitida yetishtiriladigan sholi navlarini hosil berishdagi sifat koʼrsatgichlari, eksportbop mahsulot yetishtirishning eʼtibor qaratilishi zarur boʼlgan taraflari har ikkala mamlakat professorlari tomonidan ilmiy asoslab berildi. Аndijon qishloq xoʼjaligi va agrotexnologiyalar institutida sholichilik boʼyicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning natijalari bilan ham tanishib chiqib, bu borada qoʼshimcha takliflar bildirildi. Shundan soʼng yangi mexanizatsiyaning ishlash jarayoni dala tajribasida qoʼllanildi. Koʼchat ekish mashinasining afzalligi shundan iboratki, soatiga 1 gektar yerda sholi koʼchatini ekishda 100 nafar ishchi kuchining oʼrnini bosa oladi. Bu jarayonda 3 nafar ishchining mehnati zarur boʼladi xolos. Har bir ekilayotgan koʼchatning oraligʼi 12 sm dan boʼlib, bir vaqtning oʼzida 6 qatorga ekish xususiyatiga ega.

Oʼquv seminari davomida sholichilik yoʼnalishida faoliyat olib boruvchi fermerlar ham ishtirok yetib, zamonaviy texnikaning qulay imkoniyatlari bilan tanishdilar. Xorijiy tajribalar amaliy tarzda koʼrsatib oʼtildi.

Kunning ikkinchi qismida shu kabi loyihalarni qishloq xoʼjaligiga jalb yetish Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 fevraldagi «Sholi yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi qarorida qamrab olingan maqsadlarni amaliyotga joriy qilishga xizmat koʼrsatishi mutaxassislar tomonidan taʼkidlab oʼtildi. Navbatdagi xalqaro hamkorlikning natijadorligi boʼyicha Koreya Oʼzbekiston olimlarining ilmiy asoslangan tajribalari muhim ekaniga alohida urgʼu berildi.